Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti!
Shanba, 18.05.2024, 09:23
Sayt menyusi

kategoriyalar

Statistika

Asosiy » Статьи » Мои статьи

chekishga qarshiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov XXR Raisi Xu Szintaoning taklifiga binoan 2011-yil 19-20 – aprel kunlari davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi.
Tashrif dasturi tadbirlarga boy bo‘lib, ketma-ket qator uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining samolyoti Pekin shahri aeroportiga qo‘nganidan keyin bir soat o‘tar-o‘tmas, Butunxitoy xalq vakillari kengashi binosida Islom Karimovni tantanali rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Shundan so‘ng ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Islom Karimov va Xu Szintaoning muzokaralari o‘tkazildi va ko‘plab hujjatlar imzolandi.
Muzokara avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu tashrifiga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarni jadal rivojlantirish jarayonining mantiqiy davomi, har ikki tomonni qiziqtirgan g‘oyat muhim masalalar yuzasidan fikr almashish va ularni muhokama qilish, samarali hamkorligimizga yangi sur’at baxsh etish imkoniyati sifatida qaraymiz”, deb ta’kidladi.
Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan suhbatida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy sohada, xavfsizlik muammolari borasida, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik xususida atroflicha fikr almashildi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralarning mazmun-mohiyati va muhokama qilingan davlat ahamiyatiga molik yirik masalalarning ko‘lami tomonlar o‘zaro munosabatlarning kun tartibiga qo‘yilgan masalalariga, mamlakatlarimiz oldida turgan strategik vazifalarni hal etishga nechog‘li jiddiy yondashganini namoyon etdi.
XXR Raisi Xu Szintao O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro munosabatlarning yangi davriga, sifat jihatdan yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganini, bu bosqich yuqori texnologiyalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlik boshlangani bilan izohlanishini ta’kidladi.
Siyosiy va iqtisodiy sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.
Tashrifning ikkinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Ven Szyabao bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlarining muzokarasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yaqin yillarda tubdan kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xitoy tomoni O‘zbekistondagi iqtisodiy rivojlanish dinamikasi va keng ko‘lamli tuzilmaviy yangilanishlarga yuksak baho berdi va yuqori texnologiyalar sohasida, jumladan, sanoat va texnologiya parklari yaratish orqali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston rahbari Butunxitoy xalq vakillari kengashi Raisi U Bango bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida davlatlararo hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘zi joylashgan qarorgohda XXR tashqi ishlar vaziri Yan Szechini qabul qildi. Konstruktiv va o‘zaro manfaatdorlik ruhida o‘tgan suhbat asnosida O‘zbekiston va Xitoyning siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorligiga doir g‘oyat muhim masalalar, mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov XXR savdo vaziri Chen Demin hamda Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar ijrosining istiqbollari va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Xitoy sarmoyasini jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
XXR savdo vaziri va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari tashrif asnosida imzolangan Sarmoyalarni himoyalash va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim g‘oyat dolzarb va muhim ahamiyatga ega hujjat ekanini ta’kidladilar.
Xitoy Eksimbanki va Davlat banki rahbarlari O‘zbekiston bank tizimi yuksak darajada barqaror va ishonchli ekanini, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida bu yana bir karra o‘z tasdig‘ini topganini qayd etdilar.
Xitoyning yetakchi banklari qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishga tayyor ekanini bildirib, tashrif doirasida qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ijrosi uchun ular tomonidan O‘zbekistonning to‘rt bankiga umumiy qiymati 1,5 milliard AQSh dollariga teng yangi kredit liniyalari ochilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Xitoy Xalq banki bilan O‘zbekiston Markaziy banki o‘rtasida so‘m va yuan ayirboshlash to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu sarmoya va savdo sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Xitoy Xalq Respublikasi rahbarlari bilan bo‘lgan muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar jadal va izchil rivojlanayotganini hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning istiqboli porloq ekanini yorqin namoyon etdi.
XXR Raisi Xu Szintao O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Xitoy iqtisodiyotining tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qoplash uchun O‘zbekistondan strategik xomashyo tovarlarni yetkazib berish sezilarli darajada kengaytirilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Buning natijasida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yilda to‘rt barobardan ziyodroq oshdi.
Bu borada Xitoyga uzoq muddatli va muttasil ravishda paxta tolasi, tabiiy gaz, uran konsentrati, rangli metallar, nodir va kamyob elementlar, mineral o‘g‘itlar kabi strategik tovarlar yetkazib berishni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tomonlar Strategik tovarlar savdosi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning amal qilish muddatini 2020-yilgacha uzaytirishga kelishib oldilar.
XXR rahbariyati tashrif asnosida "O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining uchinchi tarmog‘ini barpo etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shu tariqa quvurning gaz uzatish quvvati yiliga 25 milliard kub metrga yetkaziladi.
Davlatlar rahbarlari strategik materiallar yetkazib berish borasidagi hamkorlik prinsipial ahamiyatga ega bo‘lsa-da, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish maqsadida mamlakatimizga yuqori texnologiyalarni jalb qilish bilan bog‘liq istiqbolli loyihalar ijrosi ekanini qayd etdilar.
Tashrif doirasida kimyo, neft-gaz, energetika, transport sohalarida yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Bu hujjatlar, jumladan, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining ikkinchi navbatini barpo etish, Angren shahrida avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun shinalar ishlab chiqarishni tashkil qilish, konveyer lentasini ishga tushirish, shuningdek, butadion kauchuk, suyultirilgan tabiiy gaz, metanol, monoxloruksusli kislota ishlab chiqarish, issiqlik elektr stansiyalarida yangi energiya bloklari qurish, ko‘mir sanoatini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, zamonaviy elektrovozlar yetkazib berish kabi yo‘nalishlarga qaratilgan.
XXRning yetakchi telekommunikatsiya kompaniyalari – "Huawei” va "ZTE” bilan qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, O‘zbekiston va Xitoyni bog‘laydigan ishonchli koridorlar barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sharqiy Xitoy – Navoiy aeroporti – Yevropa havo yo‘lini ochish hamda O‘zbekiston va Xitoyni eng qisqa yo‘llar bilan bog‘laydigan temir yo‘l magistralini barpo etish masalalari muhokama qilindi.
XXR Raisi Xu Szintao savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, Xitoy O‘zbekistonni uzoq muddatli asosda hamkorlik qiladigan ishonchli sherik, deb bilishini alohida ta’kidladi.
Tashrifning yana bir muhim natijasi O‘zbekiston bilan XXR o‘rtasida oliy darajadagi hamkorlik qo‘mitasi tuzish to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ldi. Bu bilan ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni tizimli rivojlantirish uchun ishonchli institusional asos yaratiladi.
Tashrif yakunlariga doir eng muhim hujjat davlatlar rahbarlari imzolagan O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiya bo‘ldi. Unda hamkorlikning bugungi holati va uni uzoq muddatli asosda rivojlantirish istiqbollariga berilgan baho o‘z aksini topgan.
Tomonlar BMT va boshqa yetakchi xalqaro siyosiy va moliyaviy institutlar doirasidagi konstruktiv hamkorlikdan mamnuniyat izhor etdilar. Shanxay hamkorlik tashkilotini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, savdo-iqtisodiyot, sarmoya, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston Xitoy rahbariyatining puxta o‘ylangan vazmin va oqilona siyosatini, yagona Xitoy masalasi bo‘yicha prinsipial pozitsiyasini, "uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi murosasiz kurashini hamisha qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.
Xitoy tomoni O‘zbekiston Respublikasining O‘rta Osiyo suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish masalalari borasidagi tashvishlarini to‘liq anglashini ma’lum qildi.
Umuman, tashrif asnosida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi 25 dan ziyod hujjat imzolandi. Erishilgan kelishuvlar doirasida bir qator sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ularning umumiy qiymati 5 milliard AQSh dollaridan oshadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun XXR Raisi Xu Szintaoga minnatdorlik bildirib, uni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi va bu taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Источник: http://infoman.uz
Категория: Мои статьи | Добавил: asi (23.04.2011) | Автор: admin E W
Просмотров: 881 | Теги: -------- | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Ro'yxatdan o'tish | Kirish ]
Copyright MyCorp © 2024