Shu yilning 10-avgust kuni dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq sanalgan Facebook lahzali muloqot qilish uchun bepul "Facebook Messenger”
mobil ilova-dasturini namoyish qildi. Ushbu dastur iOS hamda Android
operatsion tizimi ostidagi qurilmalarda ishlaydi, deya xabar qilinadi
Facebook rasmiy blogida.
"Facebook Messenger” orqali foydalanuvchilar o‘zlarining ijtimoiy
tarmoqdagi do‘stlari bilan muloqot qilishlari mumkin. Bunda bir paytning
o‘zida xabarni bitta odamga yoki biror guruhga ham jo‘natish mumkin.
Xabarlar tarixi Facebook arxivida saqlanadi.
"Facebook Messenger” orqali yuborilgan xabarga fotografiya yoki
o‘zingizning joylashgan o‘rningiz haqidagi belgini ilova qilish ham
mumkin.
Mazkur messenjer orqali Facebook saytida ro‘yxatdan o‘tmagan
foydalanuvchilarga ham xabar yuborish mumkin. Bunda xabarlar SMS orqali
yuboriladi.
Hozircha "Facebook Messenger” dasturini faqatgina Kanada va AQShda
yashovchi foydalanuvchilar o‘rnatishlari mumkin. Ushbu servisning qachon
boshqa mamlakatlarga ham chiqarilishi haqida hali aniq ma’lumotlar
berilganicha yo‘q.
Ushbu messenjerni ishlab chiqishda Facebook ijtimoiy tarmog‘i Beluga kompaniyasining ishlanmalaridan foydalandi, deya xabar beradi "The Guardian” gazetasi. Facebook bu kompaniyani shu yilning mart oyida sotib olgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Facebook raqobatchisi, shu yilning iyun oyi oxirlarida ishga tushirilgan Google+ ijtimoiy tarmog‘i xabar almashish uchun o‘zining Huddle deb nomlangan ilova-dasturiga ega. U kross-platformali dastur bo‘lib, unda xabarlarni ommaviy jo‘natish funksiyasi ham mavjud.
Tezkor qidiruv: Beluga, Facebook, Facebook Messenger, Google, Huddle, ijtimoiy tarmoq, lahzali muloqot, messenjer
|